Navro‘z ayyomingiz muborak bo‘lsin!

Navro‘z ayyomingiz muborak bo‘lsin!

Aziz do‘stlar!

Qadrli hamkasblar!

Ona yurtimizga har birimizning qalbimizda quvonch, shodlik, bugungi hayotimizdan shukronalik va ertangi kunimizga ishonch hislarini uyg‘otib fasllar kelinchagi bahor kirib keldi. Sizlarni xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, azaliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami munosabati bilan qizg‘in tabriklayman hamda muborakbod etaman.

Uyg‘onish va yasharish ayyomi Navro‘z bayrami xalqimiz tomonidan shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda. Zero, bu azaliy bayramning odamlarni bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik va mehr-muhabbatga chorlovchi g‘oyalari mamlakatimizda olib borilayotgan xalqparvarlik siyosati bilan hamohangdir. Eng muhimi, tinchlik va osoyishtalik ulug‘ neʼmat ekanligi, unga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmasligini barchamiz to‘g‘ri anglayapmiz. Tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish va taraqqiyot bo‘ladi, yurt gullab-yashnaydi, fuqarolar hayotidan rozi bo‘ladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022-yilning O‘zbekistonda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilinishidan kuzatilgan ezgu maqsad hamda Navro‘z bayrami mohiyatida mushtaraklik bor. Bundan tashqari 1-martdan eʼtiboran mamlakatimizda “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanganligini nazarda tutadigan bo‘lsak, joriy yilda ko‘kalamzorlashtirish, bo‘sh maydonlar, ko‘cha va xiyobonlar, magistral yo‘llar bo‘ylarida yashil hududlar yaratish, har bir tup ko‘chatni asrab-avaylash, parvarishlash va ko‘paytirishdek ishlar ko‘lami yanada kengayishi tabiiy va shunday bo‘layapti.

Bugun tom maʼnoda yangilanayotgan O‘zbekistondagi o‘zgarishlardan ko‘z quvonadi. Butun tabiatdagi poklanish odamlar ruhiyatiga ham ko‘chgan. Ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar “Yil kelishidan maʼlum” deya bu yilgi bahor, Navro‘z sharofatli kelayotganligi, yil barakali, hosil mo‘l bo‘lishini bashorat qilayaptilar. Zero, ko‘klamgi yog‘ingarchilik mo‘l-ko‘lchilikka mustahkam zamindir.

Navro‘z kombinat bo‘linmalarida keng nishonlanmoqda. Bahor ayyomi – Navro‘z bejizga mehr-muruvvat, saxovat bayrami deyilmaydi. Kombinatimiz zavod va konlarida, transport, energetika korxonalarida bayram sharafiga bahoriy taomlar bilan to‘kin-sochin dasturxonlar yozilib, ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirilayapti. Keksa avlod vakillari va faxriylarga izzat-ikrom ko‘rsatilmoqda.

Qadrli do‘stlar!

Sizlarni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan qutlab, barchalaringizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.

Veterinariya dori vositalari ozuqabop qo'shimchalr sifati va muomalasi nazorati bo'yicha Davlat ilmiy markazi direketori

S.S.Oqqiyev