HAYVONLAR SALOMATLIGI VA OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh YO‘LIDAGI YANA BIR QADAM

HAYVONLAR SALOMATLIGI VA OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh YO‘LIDAGI YANA BIR QADAM

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda “Global sog‘liqni saqlash xavfsizligi dasturi” doirasida amalga oshiriladigan yangi loyihalarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Unda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘i vakillari, veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, milliy ilmiy-tadqiqot institutlari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Seminarda “Global salomatlik xavfsizligi - O‘zbekistonda hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish, “Yagona salomatlik” va antimikrob rezistentlik borasida salohiyatni oshirish va zoonoz tahdidlarni yumshatish” loyihasining maqsadlari va ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur loyihaning maqsadi O‘zbekistondagi hayvonlar va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan turli tahdidlarning oldini olish, aniqlash va ularga o‘z vaqtida javob berish salohiyatini oshirishdan iborat.

Aytish kerak, chorvachilik qishloq aholisi salmoqli qismining daromad manbai bo‘lib, mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Inson salomatligi, uy va yovvoyi hayvonlar, o‘simliklar va ekotizimlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Ushbu tashabbus inson, hayvon, o‘simlik va atrof-muhit salomatligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat xavfsizligini transformatsiya qilish doirasida amalga oshirilmoqda

Seminarda ta’kidlaganidek, milliy, mintaqaviy va global darajada ko‘p tarmoqli “Yagona salomatlik” yondashuvining joriy etilishi kasalliklarning samarali oldini olish va nazorat qilishga yordam beradi, bu o‘z navbatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozlarni oldini olish, hayvonlar sog‘lig‘i uchun xavflarni kamaytirish hamda aholi salomatligini mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.